O‘zbekiston

Gulistondagi kafeda gaz portlashi hodisasi bo‘yicha uch kishi qamoqqa olindi

Oliy sud portlash va yong‘in nimadan kelib chiqqanini ma’lum qildi.

Gulistondagi kafeda gaz portlashi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida umumiy ovqatlanish shoxobchasining uch nafar mansabdori qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Joriy yilning 2-dekabr kuni soat taxminan 10:50 larda Guliston shahri Taraqqiyot mahallasi hududidagi Bek Family Cafe umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida uglevodorod gazining havo-gaz aralashmasi alangalanishi sodir bo‘lgan. Aralashma yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan 50 litrli suyultirilgan propan ballonidan sizib chiqib, portlashga sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkilotining mansabdor shaxslari tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 1-qismi, 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga va boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) 2-qismi “a,b” bandlari va 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga va boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) 2-qismi “a,b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bek Family Cafe’ning uch nafar mansabdor shaxsi qamoqqa olindi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov boshchiligidagi tergov guruhi surishtiruv ishlarini boshladi. Ish nazoratga olinib, yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinib, jamoatchilikka ma’lumot beriladi, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyatidagi bozorlardan birida choyxonada gaz balloni portlab ketgandi. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda ehtimoliy o‘lim holatlari haqida xabarlar paydo bo‘lgan, biroq Guliston Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hozircha bunday ma’lumotlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoyev Guliston shahridagi kafeda gaz portlashi oqibatida jabrlanganlar holidan xabar oldi. Prezident hodisa sabablarini aniqlash uchun hukumat komissiyasini tuzishga ko‘rsatma berdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Gulistondagi kafe portlashi oqibatida jabrlanganlarning ahvoli haqida ma’lumot berdi. Vazirlik vaziyatni nazoratga olganini ta’kidladi. Bundan tashqari, halok bo‘lganlarning oilalariga 100 mln so‘mdan ajratiladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная