14 Aprel 2025, 17:28 Oʻzbekiston

Gubkin universitetining Toshkentdagi filiali maʼruzalarda targʻibot olib borilgani haqidagi ayblovlarga izoh berdi

Toshkentdagi Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Meduza nashri e’lon qilgan xat mazmunini rad etdi. Aytilishicha, oliygoh darslarida urush targ‘iboti olib borilmaydi, u yerda xatda ismi keltirilgan talaba o‘qimaydi.

Gubkin universitetining Toshkentdagi filiali maʼruzalarda targʻibot olib borilgani haqidagi ayblovlarga izoh berdi

Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali bir kun avval Meduza nashri e’lon qilgan xat yuzasidan munosabat bildirdi.

13-aprel kuni nashr “Urush o‘quvchilar nigohida” ruknida mazkur filial talabasidan kelgan deya bir xatni e’lon qilgandi. “Endi har hafta universitetda bizga ma’ruzalar o‘qishmoqda, ularda keksa avlod vakili bizga „SVO“ („maxsus harbiy operatsiya“ — tarjima) va Rossiya Federatsiyasining jasur qo‘shinlari haqida so‘zlab beradi… Bu — safsata, bu — bema’nilik. Ukrainadagi urushga biz — mustaqil O‘zbekiston yoshlarining qanday aloqamiz bor?” — degan talaba. Uning shaxsi haqida gap ketarkan, faqatgina Muhidjon ismi ma’lum.

Oliygoh vaziyatga munosabat bildirarkan, “tegishli o‘rganish ishlari olib borilgani va murojaatda nomi tilga olingan shaxs filial talabalari tarkibida mavjud emasligi aniqlanganini” ta’kidladi.

“Murojaatda keltirilgan dars jarayonlaridagi „targ‘ibot ishlari“ haqidagi ma’lumotlar asossiz ekani, ya’ni ular haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi. Filialda ta’lim jarayoni belgilangan o‘quv rejasi va fanlar dasturi asosida tashkil etilgan”, — deyiladi xabarda.

Filial ma’muriyati ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikka doimo tayyor ekaninini aytib, OAV va jamoatchilik vakillaridan tasdiqlanmagan, bir tomonlama ma’lumotlarni tarqatmaslikni va rasmiy manbalarga tayanishni so‘radi.

Mashhur yangiliklar