Giyohvandlarni majburiy davolash boshlanadi
Buning uchun sud qarori kerak bo‘ladi.

23-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Qonun loyihasi bilan takroran huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari belgilandi. Bundan tashqari, giyohvandlarni majburiy davolash tartibi mustahkamlanmoqda. Masalan, bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan va giyohvandlikdan aziyat chekayotgan fuqaro sud qarori bilan davolanishga yuborilishi mumkin.
Ikkinchi o‘qishga qadar qonun loyihasi fraksiyalar va deputatlarning takliflarini inobatga olgan holda maromiga yetkazildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi olis hududlarda narkologik ekspertizalar o‘tkazish uchun tumanlararo komissiyalar tuzish tartibiga aniqlik kiritdi.
Qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini yanada samarali muhofaza qilishga xizmat qiladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlarni qurol sotib olish huquqidan mahrum qilishmoqchi. Deputatlar mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.
Izohlar