Gaz bilan ishlaydigan issiqxonalarga yordam berish uchun to‘rtta ishchi guruh tuzildi
Rasmiylar issiqxonalar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron platforma yaratmoqchi va unga gaz hisoblagichlaridagi ma’lumotlarni integratsiya qilmoqchi.

O‘zbekistonda issiqxonalarni gaz bilan ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarni hal etish bo‘yicha to‘rtta ishchi guruh tuzildi, deb xabar bermoqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda gazdan boshqa sohalarda foydalanish samaradorligini o‘rganib, zarur hollarda issiqxonalarga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq bergan. Topshiriqlarni bajarish qo‘mitaning navbatdan tashqari hay’at yig‘ilishida asosiy mavzu bo‘ldi.
Xususan, Soliq qo‘mitasi huzurida respublika ishchi shtabi tashkil etildi. Uning vazifasi issiqxonalardan boshqa korxonalarga yo‘naltirilgan ko‘k yoqilg‘idan foydalanish samaradorligini tahlil qilish va shu masala yuzasidan xulosa tayyorlashdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, yig‘ilishda quyidagi masalalar bilan shug‘ullanadigan alohida ishchi guruhlar tashkil etilishi ma’lum qilindi:
- issiqxonalarni to‘liq anketalashtirish, asosiy muammolarni aniqlash uchun ularning egalari bilan uchrashuvlar tashkil etish;
- issiqxonalar soni, ularning maydoni, asosiy mahsuloti, foydalaniladigan yoqilg‘i hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish uchun elektron «aqlli» gaz hisoblagichlarini integratsiya qilish imkoniyatiga ega yagona elektron platformani (dashboard) ishlab chiqish;
- foydalanilayotgan gazning tarmoqlar bo‘yicha samaradorligini baholash;
- issiqxonalarga soliq majburiyatlarini bajarishda ko‘maklashish, shu jumladan hisoblarni barqarorlashtirish maqsadida moliyaviy sanksiyalar to‘g‘risidagi qarorlar ijrosini kechiktirish;
- issiqxona sohasidagi muammolarni hal etishga qaratilgan normativ hujjat loyihasini ishlab chiqish.
Avvalroq issiqxonalar qishda kafolatlangan miqdorda gaz olishi mumkinligi xabar qilingandi. Buning uchun xo‘jaliklar xorijga mahsulot eksport qilish majburiyatini olishi kerak bo‘ladi.
Izohlar