FVV aholi va korxona rahbarlariga murojaat bilan chiqdi
O‘zbekiston FVV aholi va korxona rahbarlariga murojaatnoma yo‘lladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi respublika aholisi hamda tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlariga murojaat bilan chiqdi.
Murojaatda taʼkidlanishicha, kunlar sovishi natijasida elektr, gaz yoki boshqa yoqilg‘ida ishlaydigan isitish moslamalaridan foydalanishda eʼtiborsizlik tufayli is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va yong‘inlar sodir bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, bunday holatlarga tushmaslik uchun uy-joy sektorlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha obyektlaridagi gaz, elektr va boshqa yoqilg‘ida ishlovchi isitish moslamalarini soz hamda shay holatga keltirish choralarini mavsum boshlanishidan avval amalga oshirish zarur. Aks holda isitish moslamalari bilan bog‘liq turli noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin.
FVV aholi va tashkilot rahbarlariga qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish maqsadida tavsiyalar berdi:
- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmaslik;
- elektr xo‘jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega bo‘lgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalanish;
- isitish mavsumi boshlanishidan avval, isitish pechlari va ular dudburonlarining sozligi, quvurlarning har xil mahsulotlar bilan berkilib qolmaganligini ko‘zdan kechirish va dudburon orqali havo tortish kuchiga alohida ahamiyat qaratish;
- isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida o‘rnatilishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishish;
- nosoz, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmaslik, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yo‘riqnomasidan foydalanish;
- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormaslik;
- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmaslik;
- gaz taʼminoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan o‘tkazib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish;
- gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qilish;
- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmaslik;
- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalanish va ularning doimiy sozligiga eʼtibor berish.
Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring. Bu haqda 104 raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda yong‘in-qutqaruv xizmatining 101 yoki 1050 telefon raqamiga xabar bering, deya qo‘shimcha qilinadi murojaatnomada.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkent viloyatida fuqaro 5 metrlik chuqurlikka tushib ketdi Farg‘onadagi metan zapravkada 10 mrld so‘mdan ortiq gaz o‘g‘irlandi Toshkentda qoida buzgan FVV avtomobili haydovchisi jarimaga tortildi “Qamchiq” dovonida koʻchki sodir boʻldi Zangiotada 417,1 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi