O‘zbekiston

Fuqarolarga qurilish kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilishdagi huquqlari eslatib o‘tildi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga minglab shikoyat arizalari kelib tushgan.

Фото6 Ситуаивное

2025-yilning yanvar-avgust oylarida Raqobat qo‘mitasiga ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va sotib olish masalalari bo‘yicha 1000 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarda asosan qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma shartlarining buzilishi — yangi uy-joylarning o‘z vaqtida topshirilmasligi, shartnomada ko‘rsatilgan talablarning bajarilmasligi, reklama va e’lonlarda ko‘rsatilgan loyihalarning nomuvofiqligi kabi holatlar bayon etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi kompaniyalar shartnomalarga qonunchilikka zid bo‘lgan qoidalarni kiritadi. Xususan, shartnoma shartlarida “agar iste’molchi shartnomani o‘z tashabbusi bilan bekor qilsa, qurilish tashkiloti iste’molchi tomonidan to‘langan summaning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida jarima ushlab qolishga haqli” degan qoida ko‘p uchraydi.

Amaliyotda bunday talablar qonun normalariga ziddir:

  • FKning 385-moddasida shartnomani bekor qilishda ikkinchi tarafga yetkazilgan haqiqiy zarar mavjud bo‘lgandagina zararni qoplash mumkinligi ko‘rsatilgan;
  • 14-moddada “zarar” tushunchasiga amaldagi zarar va boy berilgan foyda sifatida ta’rif berilgan bo‘lib, amalda iste’molchi shartnomani bekor qilishda qurilish tashkilotiga zarar yetkazmaydi. Chunki ko‘p qavatli uylar namunaviy loyihalar asosida quriladi va qurilish tashkilotlari bunday obyektlarni boshqa xaridorga osongina sotishi mumkin. Bundan tashqari, uy-joyga bo‘lgan talabning yuqoriligi va narxlarning yildan yilga oshib borishi qurilish korxonalarining foyda olishini ta’minlamoqda;
  • shuningdek, kodeksning 260-moddasida neustoyka (jarima, penya) faqat qarzdor majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda qo‘llanilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Aksariyat hollarda, iste’molchi o‘z to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajaradi, qurilish tashkiloti esa uy-joy topshirilgunga qadar qarzdor bo‘lib qoladi;
  • “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra, iste’molchilarning huquqlarini cheklaydigan va qonunga zid bo‘lgan shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi, 23-moddada esa iste’molchi huquqlarining ustuvorligi kafolatlanadi. Shu sababli, iste’molchining tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda undan jarima undirish noqonuniy hisoblanadi;
  • “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida tadbirkorlik subyektlari raqobat va iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishi shartligi belgilangan.

Yangi qurilgan uyda kvartira sotib olayotganda, shartnoma imzolanishidan oldin uning barcha shartlari bilan diqqat bilan tanishib chiqish juda muhim. Agar sizda huquqiy bilimlar yetarli bo‘lmasa, shartnoma mazmunini to‘liq o‘rganish uchun malakali yurist yoki advokatga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Shuningdek, tuzilgan shartnomada qonunchilikka zid yoki iste’molchilarning huquqlarini cheklovchi qoidalar aniqlansa, belgilangan tartibda sudga yoki vakolatli davlat organlariga murojaat qilishingiz mumkin. Bu sizga qonuniy huquq va manfaatlaringizni himoya qilish imkonini beradi.

Raqobat qo‘mitasining ish natijalari bo‘yicha 8 nafar iste’molchi qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda bir qurilish kompaniyasiga nisbatan uy-joyni topshirish muddatini buzgani uchun ish qo‘zg‘atilgandi. 2024-yilgacha tayyor kvartira va’da qilingan xaridor hamon uni qo‘lga kirita olmadi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная