Farzandli bo‘lgan otaga 5 kunlik ta’til berilishi mumkin
Mehnat kodeksiga oʻzgartirish kiritilib, farzand tug‘ilganda otaga qisqa muddatli ta’til berilishi mumkin.
Parlament quyi palatasiga kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida ishlayotgan erkaklar farzandli boʻlganda turmush oʻrtogʻiga yordam berish va boshqa farzandlariga qarab turishi uchun qisqa muddatli taʼtilga chiqishi bilan bogʻliq meʼyorlar taklif etilgan. Bu haqda deputat Nodir Tilavoldiyev maʼlum qildi.
“Erkaklar farzandli boʻlganda turmush oʻrtogʻiga yordam berish va boshqa farzandlariga qarab turishi uchun qisqa muddatli, 1 oy ichida 5 kunlik, maoshi saqlangan holda mehnat taʼtiliga chiqish imkoniyati berilishi nazarda tutilmoqda”, dedi u loyihani sharhlar ekan.
Taʼkidlanishicha, shu kunga qadar milliy qonunchilikda bunday taʼtil nazarda tutilmagan edi. Shu sababli erkaklar kasbiy va oilaviy majburiyatlarini uygʻun tarzda amalga oshirishga qiynalgan yoki oʻz hisobidan taʼtil olishga majbur boʻlgan.
Shu bilan birga, Mehnat kodeksida mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitish, tazyiq va zoʻravonlikni taqiqlash prinsiplari takomillashtirilmoqda. Yaʼni, mehnat jarayonida boshqa xodimga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan yoki tahdid qilgan xodimni ish beruvchi tashabbusi bilan boshqa ishga oʻtkazish yoki ishdan boʻshatish amaliyoti qoʻllanishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari roʻyxatiga kiritilib, davlat tomonidan ularni ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar taʼminlanishi belgilanmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Shavkat Mirziyoyev mehnat ta’tiliga chiqdi Bugundan poytaxt va viloyatlar hokimlari mehnat taʼtiliga chiqadi Mirziyoyev mehnat ta’tilidan qaytdi