12 Dekabr 2024, 12:39 Oʻzbekiston

Farg‘onalik shaxsning mashinasidan qariyb 5 kg gashish topildi

Toshkent—Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan mashinadan qariyb 5 kg gashish borligi aniqlandi.

Farg‘onalik shaxsning mashinasidan qariyb 5 kg gashish topildi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan joylarda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent—Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasi Ohangaron shahri hududida to‘xtatildi. Mashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning salon qismida 4 kg 986 gramm gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, mazkur avtomashinaning ortidan Malibu avtomashinasida kuzatib kelayotgan uning 1987-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan akasi ham ushlandi.

Aniqlanishicha, ular Toshkent viloyatining Piskent tumani hududiga keltirib berish sharti bilan tojikistonlik narkosavdogardan 30 ming dollar evaziga sotib olingan ushbu giyohvandlik vositasini kelgusida Qo‘qon shahrida qayta sotib, mo‘may daromad topishni rejalashtirishgan.

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona tumanida yashovchi, 1972-yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, uning yonida bo‘lgan o‘yinchoq quti ichida 987 gramm gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

U mazkur ajal og‘usini Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan fuqarodan olgani aniqlanib, ushbu shaxs ham protsessual tartibda ushlandi hamda unga tegishli Cobalt salonidan 941 gramm opiy va 1 kg 980 gramm gashish moddalari olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositalari muqaddam Tojikiston fuqarosi tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingani maʼlum bo‘ldi.

Xorazm viloyatining Urganch shahrida kuzatilgan holatda esa, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan fuqaro Tojikistondan keltirilgan 501 gramm opiy va 459 gramm gashish moddalarini 7800 dollarga sotishga kelishib, oldindan 3 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yashnobod tumanida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs to‘xtatilib tekshirilganda, unga tegishli ish qurollari uchun mo‘ljallangan chamadonda 297 gramm gashish va 9 gramm opiy moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Mashhur yangiliklar