20 Dekabr 2024, 15:28 Oʻzbekiston

Farg‘onadagi portlashdan so‘ng viloyatdagi barcha “zapravka”lar o‘rganiladi

Farg‘ona viloyat hokimi viloyatdagi barcha zapravkalarni o‘rganish bo‘yicha farmoyish chiqardi.

Farg‘onadagi portlashdan so‘ng viloyatdagi barcha “zapravka”lar o‘rganiladi

Farg‘onadagi portlashdan so‘ng viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha turdagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarining belgilangan norma va me’yorlarga muvofiqligi holati o‘rganib chiqiladi. Bu haqda viloyat hokimining tegishli farmoyishi qabul qilindi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, baxtsiz va noxush hodisalarning oldini olish, xavfsizlik qoidalariga amal qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “O‘zdavneftgazinspeksiya” Farg‘ona hududiy bo‘limi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filali kabi mas’ul tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

Mazkur ishchi guruh tomonidan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS), avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGQS) va avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalari (AYQS)ning sanoat, yong‘in, ekologik xavfsizligi talablariga muvofiqligi, yonilg‘i saqlash rezervuar (sig‘im)larning holati va boshqa qonunchilikdagi me’yorlar o‘rganiladi. O‘rganishlar chog‘ida ularning moliyaviy ishlariga aralashilmaydi hamda shoxobchalar odatdagi ish tartibi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi.

Shuningdek, viloyat hududida faoliyat yuritayotgan, tashkiliy huquqiy shaklidan qat’i nazar, barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish, siqilgan va suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchalarida ishlovchi ishchi-xodimlar viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qoshidagi o‘quv markazida dastur asosida shartli ravishda o‘qitilishi ta’minlanadi.

Mashhur yangiliklar