17 Fevral 2025, 08:17 Oʻzbekiston

Fargʻonada “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oʻtkazildi

Aniqlangan holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fargʻonada “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oʻtkazildi

Fargʻona viloyatida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oʻtkazildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, viloyat hududida olib borilgan faol tadbirlar doirasida 86 ta jinoiy, 853 ta maʼmuriy, jami 939 ta holat aniqlandi. 98 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, 889 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrildi. 49 ta jinoyat fosh etilib, 31 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. 1 167 nafar shaxs rasmiy ogohlantirildi.

Qoʻlga olingan jinoiy guruh va shaxslardan 3 kg 376 gr giyohvandlik vositalari, 2 331 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari, 17 ta noqonuniy qurol, 344 dona tigʻli buyumlar olinib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Olib borilgan tadbirlar davomida Rishton tumanida yashovchi 1995-yilda tugʻilgan shaxs qoʻlga olindi.

U erkaklar kiyim doʻkoniga kirib, sotib olmoqchi boʻlgan mahsulotlarini nasiyaga berishni talab qilgan. Sotuvchi bunga koʻnmagach, uni shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi soʻzlar bilan haqoratlab, qoʻl-oyoqlari bilan urib doʻpposlagan.

Oqibatda doʻkon sotuvchisi jarohatlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (bezorilik takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qoʻllandi.

Fargʻona tumanida oʻtkazilgan “nazorat ostida olish” tadbiri davomida esa maxsus xaridorga 2,3 ming dollar evaziga 500 gramm giyohvandlik moddasini sotayotgan shaxs qoʻlga olindi.

Uning yashash xonadonida keyinchalik sotish maqsadida saqlab kelinayotgan giyohvandlik moddasi olinib, kimyoviy ekspertizaning xulosasiga koʻra, sof ogʻirligi 1 kg 470 gramm marixuana giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi.

Oltiariq tumanida olib borilgan tezkor tadbir davomida noqonuniy elektr energiyasidan foydalanish holatiga chek qoʻyildi. “Qoʻrgʻoncha” mahallasi hududida joylashgan bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan holda davlatga 1 mlrd 897 mln 533 ming 734 soʻm miqdorda zarar yetkazgani aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Yer resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish yuzasidan Uchkoʻprik tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 1968-yilda tugʻilgan shaxs qoʻlga olindi.

U “Kenagas” mahallasi hududida joylashgan 90 sotix qismi noturar va 1 gektar 60 sotixi davlat zaxirasida boʻlgan jami 2,5 gektar yer maydonini 650 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlangan holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar