5 Fevral 2025, 08:18 Jahon, Oʻzbekiston, Sport

Farg‘onada rossiyaliklardan pul undirib kelgan jinoiy guruh fosh etildi

Farg‘ona viloyatida rossiyaliklardan pul undirib kelgan call-markaz firibgarlari ushlandi.

Farg‘onada rossiyaliklardan pul undirib kelgan jinoiy guruh fosh etildi

Fargʻona viloyatida huquq-tartibot idoralari hamkorligida xorijdan firibgarlik yoʻli bilan yirik miqdordagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirib kelgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi, deb xabar berdi DXX.

“Oʻzbekiston 24” telekanali videolavhasida aytilishicha, Fargʻona shahridagi (ikkita) va Toshkent shahridagi call-markaz orqali rossiyaliklardan pul undirib kelgan 32 kishi qoʻlga olingan. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 1986-yilda Fargʻona shahrida tugʻilgan guruh rahbarining faoliyatiga chek qoʻyilgan. Ularga rossiyalik jinoiy guruhlar ham yordam bergani taʻkidlangan.

Tergov maʻlumotlariga koʻra, firibgarlar biologik faol qoʻshimchalarni (BFQ) onlayn xarid qilgan rossiyaliklarning shaxsiy maʻlumotlaridan foydalanib, oʻzini tergov organlari xodimi sifatida tanishtirib, BFQ qalbaki ekanini aytib, tovar sotuvchilari yetkazgan maʻnaviy zarar uchun kompensatsiya sifatida toʻlov olishni taklif qilgan. Jinoyatchilarning baʻzilari Rossiya Moliya vazirligi vakillari nomidan ish olib borgan va daromad soligʻi toʻlanganidan keyin pul kompensatsiyasini vaʻda qilgan.

Firibgarlar vaʻda qilingan toʻlovlarni olish uchun oʻzlari koʻrsatgan bank kartasiga badal oʻtkazishni taklif qilib, busiz mablagʻni olishning iloji yoʻqligini daʻvo qilgan. Ular asosan keksalarning ishonchiga kirib, pullarni oʻzlashtirib kelgani taʻkidlanmoqda.

Qayd qilinishicha, qoʻlga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan firibgarlik) “g” bandi va 278-moddasi (kompyuter maʻlumotlariga noqonuniy (ruxsatsiz) kirish) holatlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergov davom etmoqda.

Mashhur yangiliklar