Fargʻona va Namanganda ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston prezidentlari ushbu loyihalar mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Ikki tomonlama muzokaralar yakunlangach, Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Jumladan, Fargʻona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 400 megavatt boʻlgan ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Ushbu stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qirgʻizistonga yetkazib berilishi koʻzda tutilgan.
Chuy viloyatida zamonaviy yengil avtomobillar va tijorat texnikalari ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Xususan, u yerda Cobalt, Onix va Tracker rusumli yengil hamda yuk avtomobillari yigʻiladi.
Shuningdek, Qora-Balta shahrida tikuv-trikotaj mahsulotlari va mato ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Korxonaga zamonaviy texnologik uskunalar yetkazib berilib, oʻrnatildi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston prezidentlari ushbu loyihalar mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.