Elektr energiyasini hisoblash boʻyicha yangi billing tizimi 1-avgustdan ishga tushiriladi
Hozirda u Yakkasaroy tumanida sinov tarzida ishga tushirilgan. Unda abonent pasport maʼlumotlaridan tashqari, kadastr va hisobraqamlar haqidagi axborotlar ham aks etadi.
Elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimi 1-avgustdan joriy etiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” vakiliga tayanib Spot xabar bermoqda.
Hozirda korxona isteʼmolchilariga yetkazib beriladigan elektr energiyasi hisobi 2012-yilda joriy qilingan billing toʻlov tizimi asosida yuritiladi. 2023-yil sentyabrida prezident elektr energiyasi ulgurji va chakana bozorlari mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasini” tasdiqlangandi.
Unga koʻra, “HET” 2024-yil oxirigacha yangi billing tizimini joriy etishi kerak edi. Yil boshida davlat rahbari elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq toʻlovlari boʻyicha xonadonning yagona billing hisobraqamini joriy qilish kerakligini taʼkidlagandi.
“HET” boshqaruv raisi birinchi oʻrinbosari Alvar Gʻaybullayevning qayd etishicha, hozirda mazkur tizim sinov tarzida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joriy etilgan.
“Bizga zamonaviy billing tizimi kerak edi, 2022-yilning oxirida yangi tizim boʻyicha texnik shartlar ishlab chiqildi. Joriy yilning 1-avgustidan butun mamlakatda mazkur tizim yangilanadi”, — dedi u.
Xabarda aytilishicha, amaldagi tizimda abonentning ism-familiyasi, pasport maʼlumotlari va hisobraqami boʻlsa, yangi tizimda abonentning kadastr, bitta odam nomida nechta hisobraqam borligi kabi axborotlar mavjud boʻladi.
Yangi tizimda monitoring ishlarini olib borish maqsadida isteʼmolchining shikoyat va takliflari, ularning soni ham yozib boriladi. “Umuman boshqa billing boʻladi”, — dedi Alvar Gʻaybullayev.
Bundan tashqari, tizimning mobil ilovasi ham ishlab chiqilib, u orqali amalga oshirilgan toʻlovlar hamda isteʼmol qilingan elektr energiyasi miqdorini onlayn olish mumkin boʻladi.
Gʻaybullayevning aytishicha, hozirda aholining “aqlli” hisoblagichlar bilan taʼminlanganlik darajasi 90 foizni tashkil etadi. 1-avgustgacha qolgan isteʼmolchilarda ham shunday hisoblagichlar boʻladi, jami abonentlar soni 8,5 millionga yetadi, deyiladi xabarda.
Мавзуга оид хабарлар:
Jizzaxda fermer xo‘jaliklari 745 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi Namanganda 2,3 mlrd soʻmlik elektrdan noqonuniy foydalangan korxona masʼuli qoʻlga olindi Senat yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunni maʼqulladi HET elektr isteʼmoli uchun ijtimoiy normani hisoblash tartibini tushuntirdi Olti oyda 550 mlrd so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalanildi