O‘zbekiston

Ekopartiya Toshkentdagi qurilishlardan birida daraxtlar yo‘qolib ketgani bilan qiziqdi

Deputatlar holatga oydinlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura va Ekologiya vazirligiga so‘rov yuborgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirobod tumanidagi sobiq harbiy gospital hududida qurilish tufayli daraxtlar kamayib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga oydinlik kiritish maqsadida Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov Bosh prokuror hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga deputatlik so‘rovi yubordi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, turli vaqtlarda olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari hududdagi daraxtlar soni kamayib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari 2024-yil fevral oyida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning qurilish hududidagi har bir daraxt hisobga olinishini aytgan bayonotiga e’tibor qaratdi.

Vazir, shuningdek, agar birorta daraxtga zarar yetsa, qoidabuzarlar javobgarlikka tortilishini ta’kidladi. Vaziyat bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari qiziqib, daraxtlar qayerga va nima sababdan yo‘qolgani bilan qiziqdi.

E’lon qilingan fotosuratlarda hududning hozirgi va oldingi holatini ko‘rish mumkin. Yashil daraxtzorlar soni keskin kamayib ketgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ushbu fakt bir qator savollarni tug‘diradi: inventarizatsiya paytida ushbu uchastkadagi daraxtlar hisobga olinganmi? Ularning yo‘qolishi nima bilan izohlanadi? Ushbu uchastkani tadbirkorlik subyektiga o‘tkazishda yer qonunchiligiga rioya qilinganmi? Ushbu hududdagi qurilish ishlari Toshkent shahrini 2045-yilgacha rivojlantirish Bosh rejasiga mos keladimi?

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan qurilayotgan obyekt ekologik talablarga javob berishi bo‘yicha ekologik ekspertizadan o‘tkazilganmi, qurilish jarayonida daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni saqlab qolish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilgan, degan savol qo‘yildi. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov holatga aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuror hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga deputatlik so‘rovi yubordi.

Avvalroq Alisher Qodirov daraxtlarga sig‘inishni to‘xtatishga va ularni “kerak bo‘lsa” kesishga chaqirgani xabar qilingandi. “Milliy tiklanish” rahbari tadbirkor Murod Nazarovning daraxtlarni kesishni qonuniylashtirish g‘oyalari fonida izoh bergan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная