Ekologiya vazirligi Toshkent shahri va viloyatida havo sifatini yaxshilash chora-tadbirlarini taklif qildi
Hukumat korxonalarning atmosferaga salbiy ta’sirini kamaytirishni va ekologik toza texnologiyalarga o‘tishni rejalashtirmoqda.

Ekologiya vazirligi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havo ifloslanishining oldini olish va iqlim o’zgarishining oqibatlarini yumshatish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasini ishlab chiqdi.
Hujjat atmosferaga salbiy ta’sirni kamaytirish va korxonalarni bosqichma-bosqich ekologik toza texnologiyalarga o‘tkazishga qaratilgan. Havo sifati bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash uchun quyidagilar rejalashtirilgan:
- sanoat korxonalari va issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish;
- amaldagi talablarga javob bermaydigan issiqxona isitish qozonlarini zamonaviy energiya samarador va ekologik toza tizimlarga almashtirish;
- issiqxonalar va sanoat obyektlarini energiya manbalarining ko‘mirdan foydalanishni istisno etadigan muqobil turlariga o‘tkazish;
- ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish — chiqindilarni tozalash tizimlarini, mahalliy tozalash inshootlarini, havoni nazorat va monitoring qilishning avtomatik stansiyalarini joriy etish uchun korxonalarni, shu jumladan grant mexanizmlari hisobiga moliyaviy rag‘batlantirish.
Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ifloslantiruvchi chiqindilar hajmini sezilarli darajada kamaytirish, ekologik xavfsizlikni oshirish, shuningdek, poytaxt va Toshkent viloyati aholisi uchun yanada qulay yashash sharoitlarini yaratish imkonini beradi, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkent va Toshkent viloyati filtrsiz ko‘mir va mazut yoqishdan qutqarilishi haqida xabar berilgandi. Hozirda havo tarkibini o‘n minglab tonna ifloslantiruvchi moddalar to‘ldirmoqda.
Izohlar