DXX hududlarda fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga oldi
Farg‘ona va Qoraqalpog‘istonda fuqarolarni pul evaziga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi.
DXX hududlarda pul evaziga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi va ingliz tili bo‘yicha sertifikat olib bermoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanali xabar qildi.
Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Qo‘shtepa tumanidagi maktab o‘qituvchisi Yozyovon tumanida yashovchi 3 nafar fuqaroni Qirg‘iz davlat universitetining Qadamjoy filialiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 6600 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘qituvchisi Amudaryo tumanida yashovchi fuqaroni Urganch davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ishga aloqador bo‘lgan uning sherigi — O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti mutaxassisi ham ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Termiz shahrida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining hamshahariga ingliz tili bo‘yicha “S1” darajadagi til bilish sertifikatini olib berish evaziga 2400 AQSh dollari va 1 250 000 so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Мавзуга оид хабарлар:
Namanganda 4 kishini Buyuk Britaniyaga noqonuniy jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi Surxondaryoda mashinada 50 kilodan ortiq narkotik modda olib ketayotgan shaxs qo‘lga tushdi Jizzaxda 1,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi Farg‘onada ETKning antikorrupsiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi Samarqandda pora olgan podpolkovnik qo‘lga tushdi