Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakili etib tayinlandi
Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligining gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi.
Parij-2024 Olimpiyadasi chempioni Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligining gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi. Bu haqda agentlik direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Bugun biz Diyora Keldiyorovani Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlash orqali O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochdik. Bu qaror qog‘ozdagi gap emas, balki jamiyatimizdagi chuqur ijobiy o‘zgarishlar ramzidir, deb yozdi u Instagram’dagi sahifasida.
Uning ta’kidlashicha, Diyoraning olimpiadadagi g‘alabasi ilg‘or o‘zgarishlar uchun katalizator bo‘lib, butun dunyoga O‘zbekistonning teng imkoniyatlar va hadsiz salohiyatlar mamlakati ekanini namoyish etadi. Diyora dzyudo bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk Olimpiya chempioni sifatida o‘z nomini tarix sahifasiga yozib ulgurdi va endi u butun bir avlodni ortidan ergashtira oladi.
Diyora zamonaviy o‘zbek ayolining serqirraligi — mehribon qiz, sodiq rafiqa, hurmatga munosib kelin, shu bilan birga, mamlakatimizni jahon arenasida muvaffaqiyatli namoyon etayotgan Olimpiada chempioni timsoli. Uning maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasi O‘zbekistondagi barcha ayollar uchun an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlagan holda istalgan sohada cho‘qqiga chiqishi mumkinligiga o‘ziga xos chorlov bo‘la oldi, deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari.
Shahnoza Mirziyoyeva Diyoraning faoliyati mamlakatda gender tengligiga erishishni tezlashtirishiga, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ilg‘or davlat sifatidagi mavqeyini mustahkamlashiga va butun dunyo ayollarini ruhlantirishiga ishonch bildirdi.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentda nogironligi bo‘lganlar uchun “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi Asila Mirzayorova Ijtimoiy himoya milliy agentligi maxsus vakili boʻldi Ijtimoiy himoya agentligiga yangi vakolat berildi Usmon Sharifxo‘jayev Ijtimoiy himoya agentligi direktori o‘rinbosari bo‘ldi Xitoyda qarovsiz qolgan ikki bola O‘zbekistonga olib kelindi