O‘zbekiston

Deputatlar nihoyat tungi va qurilish shovqiniga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Qonun loyihasi Senatga yuborildi.

Фото: Ситуативное

7-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar “Aholini zararli shovqin ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qildi.

Ushbu qonun loyihasi aholini zararli shovqin ta’siridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqildi. Loyiha ikkinchi o‘qishga tayyorlandi va siyosiy partiyalar, deputatlar, qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari hamda soha mutaxassislarining takliflarini inobatga olgan holda takomillashtirildi.

Xususan, qonun loyihasi bilan fuqarolarning tinchligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtni amaldagi yetti soatdan (soat 23:00 dan 06:00 gacha) sakkiz soatga (soat 23:00 dan 07:00 gacha) o‘zgartirish taklif etilmoqda. Dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari — soat 22:00 dan 09:00 gacha.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uylarda shovqin darajasi yo‘l qo‘yiladigan me’yorlardan yuqori bo‘lgan qurilish va ta’mirlash ishlari faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda. Shovqinning zararli ta’siri natijasida yetkazilgan zarar sud tartibida qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Bunda kompensatsiya to‘lovi qoidabuzarlarni shovqinning zararli ta’sirining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni bajarishdan ozod etmaydi. Bundan tashqari, shovqin me’yoridan yuqori bo‘lgan ishlarda band bo‘lgan xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq oshirilgan miqdorda ish haqi to‘lanadi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi aholi salomatligi va osoyishtaligini har qanday zararli shovqin ta’siridan himoya qilishning samarali huquqiy mexanizmlarini yaratishga xizmat qiladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, 20-avgust kuni tungi shovqin uchun jarimalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarilgandi. Fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,2-2 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha (4,1-6,1 mln so‘m) miqdorda jarima solish tarzidagi jazoni kuchaytirish nazarda tutilgan edi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная