Deputatlar bank tizimini isloh qilish jarayonini o‘rganib, bundan norozi bo‘ldi
Holatga oydinlik kiritish maqsadida Markaziy bank raisiga parlament so‘rovi yuborildi.

Deputatlar banklar va bank tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganib, bir qator muammolarni aniqladilar va shu munosabat bilan Markaziy bank raisiga vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida parlament so‘rovi yubordi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan bank tizimini isloh qilish va banklarni transformatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqilib, ayrim kamchiliklar aniqlangan. Xususan, mutaxassislarning qayd etishicha, bank sektorida davlat ulushi yuqoriligicha qolmoqda.
Shu bilan birga, bank sektori aktivlarining umumiy hajmida xususiy banklar aktivlarining ulushi maqsadli ko‘rsatkichlardan pastligicha qolmoqda. Deputatlarning ta’kidlashicha, banklarni transformatsiya qilish sohasidagi bunday holatlar tadbirkorlar va aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yangi tashkil etilgan kredit tashkilotlarining aksariyati Toshkent shahri va viloyat markazlarida joylashgani sababli qishloqlarda ularning xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangani ko‘rsatib o‘tildi. Bu esa, o‘z navbatida, bank va moliya xizmatlari ommabopligini oshirish, ularning barcha aholi punktlarida ko‘rsatilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Shuningdek, deputatlar bank kartalaridan foydalangan holda firibgarliklarning oldini olish, shu jumladan, bank tizimida zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish va axborot xavfsizligini lozim darajada ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rish zarurligidan dalolat beruvchi aholidan kelib tushgan murojaatlarni o‘rganib chiqdi.
Shu munosabat bilan deputatlar Markaziy bank raisi T.Ishmetovga banklarni transformatsiya qilish, tadbirkorlik subyektlari va aholining zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, bank va moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish masalalari yuzasidan tushuntirish berish yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yubordi.
Avvalroq senator Farg‘ona viloyatida aholining eski transformator va 90-yillardagi omonat ko‘prikdan shikoyatlarini o‘rgangani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston tumani hokimidan muammoni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani haqida izoh so‘raldi.
Izohlar