Davlat bog‘chalarida davomat tizimi avtomatlashtiriladi
Hukumat qarori bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida davomat tizimi avtomatlashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 18-dekabrdagi qarori bilan maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirish va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari belgilandi.
30-sentabrdagi prezident farmoniga muvofiq, maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosariga ta’lim sifatini ta’minlash, pedagog xodimlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayoniga innovatsiyalar, ilg‘or pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish vazifalari yuklatilgandi.
Davlat MTTlarida xodimlar ish haqini, oziq-ovqat xarajatlari, ota-onalarga aliment bo‘yicha to‘lovlar va boshqa to‘lovlarni biometrik identifikatsiya texnologiyasidan foydalangan holda avtomatik hisoblash joriy etiladi.
Bo‘sh ish o‘rinlarini hisobga olish, bolalarni navbatga qo‘yish va MTTga joylashtirish uchun yo‘llanmalarni shakllantirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Bolalar bog‘chasi” maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida amalga oshiriladi.
2025-yil 1-fevraldan Toshkent shahrida sinov tariqasida, 2025-yil 1-iyuldan esa barcha davlat MTTlarida “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomati, ish vaqti, tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini hisobga olish joriy etiladi.
“Bolalar bog‘chasi” axborot tizimiga xizmat ko‘rsatish, uni qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishni “UZINFOCOM” MChJ tizim operatori amalga oshiradi, bunda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ota-onalar badalining 2 foizi yo‘naltiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan boshlab xodimlar va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yo‘lga qo‘yish uchun bolalar bog‘chalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan ta’minlash uchun davlat budjetidan kamida 50 milliard so‘m ajratadi.
2025-yil 1-iyuldan fiskal belgili kassa cheki berilmasdan ota-onalar to‘lovlarini qabul qilish taqiqlanadi. Ota-onalar to‘lovlarining tushumi to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlarining axborot tizimiga avtomatik tarzda uzatiladi va qonun hujjatlariga muvofiq daromad solig‘idan ozod qilishni qo‘llash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Мавзуга оид хабарлар:
1-iyuldan fuqarolarning hujjatlari elektron shaklda ham tan olinadi Turistik klasterlarni tashkil etish tartibi belgilandi Portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalar xavfsizligi bo‘yicha reglament tasdiqlandi Transportda yo‘lovchi tashish xizmatlari sifati baholanadi Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari elektron reyestrini yuritish tartibi tasdiqlandi