Dam olish kunlari issiqlik O‘zbekistonga qaytadi
Havo harorati yana 40 darajadan yuqori ko‘tariladi.

O‘zgidromet matbuot xizmatining xabar berishicha, 21-22-iyun kunlari O‘zbekiston hududida havo haroratining ko‘tarilishi kutilmoqda.
20-iyun kuni kunduzi asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo hukm suradi, nisbatan qulay harorat 34-37° atrofida bo‘ladi. Faqatgina Toshkent viloyatining tog‘oldi va tog‘li hududlarida hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor.
Dam olish kunlari harorat yana 38-40° gacha, janubda esa 42° gacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Qisqa muddatli yomg‘ir faqat respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yog‘ishi mumkin. O‘zbekiston bo‘ylab ayrim joylarda shamol 13-18 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zon ko‘tarilishi kutilmoqda. Shimoliy hududlar, cho‘l zonasi va janubning ayrim joylarida shamol tezligi sekundiga 20-22 metrgacha yetishi mumkin.
20-22-iyun kunlari Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel va suv toshqini hodisalari yuz berishi ehtimoli mavjud. Toshkent shahrida yog‘ingarchilik kutilmayapti. Bugun kunduzi harorat 35° atrofida bo‘ladi, shanba va yakshanba kunlari esa 37-40° gacha ko‘tariladi.
Izohlar