Chirchiq daryosidan qum-shag‘al aralashmasi qazib olinishi oqibatida 65 mlrd so‘m zarar yetkazildi
Chirchiq daryosi o‘zanidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib kelganlar tabiatga 65 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazdi.
Toshkent viloyati Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hamda IIBB xodimlari hamkorligida Chirchiq daryosining Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib oʻtuvchi qismida ekologik nazorat tadbirlari oʻtkazildi.
Tadbir davomida davlat raqami yechib olingan yuklagich yordamida qum-shagʻal aralashmalarini Chakman rusumli yuk tashish avtotransport vositasiga yuklab berayotgani aniqlangan.
Holatga inspektorlar tomonidan aniqlik kiritilganda, yuk tashuvchi avtotransport vositasi haydovchisi qum-shagʻal aralashmalarini shu hududda joylashgan “M.G.F.” MChJga qarashli tosh maydalash sexiga olib borib toʻkayotganini maʻlum qilgan.
Noruda foydali qazilmalarni qazib olishda yetkazilgan zarar “Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga asosan hisob-kitob qilinganda 65 milliard 323 million soʻmni tashkil qilgan.
Noqonuniy qum-shagʻal aralashmalarini qazib olishda ishtirok etgan maxsus texnikalar Quyi Chirchiq tumanida joylashgan jarima maydonchasiga vaqtincha joylashtirilgan. Ushbu holatga huquqiy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkent viloyatida bir oilaning uch a’zosi is gazidan vafot etdi Toshkent viloyati Sibir tog‘ echkisi ovlangani aniqlandi Hayvonot bogʻi qorovuli sherlar hujumida halok boʻlgani yuzasidan jinoiy ish ochildi 8,7 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex fosh etildi Toshkent viloyatida kelin-kuyov nomaʼlum moddadan zaharlanib, vafot etdi