O‘zbekiston

Centrum Air yangi Airbus A321neo samolyotini oldi

Tez orada bort xalqaro va mintaqaviy yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.

Centrum Air aviakompaniyasi yangi o‘rta masofali Airbus A321neo samolyotini oldi, u kompaniya aviaparkida 11-chi va NEO oilasining beshinchi layneri bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi Airbus A321-253NX UK-32132 reyestri bilan Airbus konsernining Gamburgdagi zavodida yig‘ilgan. Samolyot zavod sinovlarining barcha bosqichlaridan, shu jumladan to‘liq parvoz sinovidan o‘tdi. 8-iyul kuni ekipaj 2 soat 25 daqiqa davom etgan parvozni amalga oshirib, barcha tizimlarning turli rejimlarda ishlashini tekshirdi: balandlikka ko‘tarilish, eshelonda uchish va pasayish.

Ta’kidlanishicha, samolyotga yuqori tejamkorligi va shovqin darajasining pasayishi bilan ajralib turadigan CFM International LEAP-1A33 zamonaviy dvigatellari o‘rnatilgan. Yangi A321neo Centrum Air brend livreyasiga bo‘yalgan va tez orada xalqaro va mintaqaviy yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.

Centrum Air O‘zbekistonning eng jadal rivojlanayotgan xususiy aviakompaniyasi bo‘lib qolmoqda. Shunday qilib, tashkil etilganidan beri 2,5 yil ichida kompaniya osmonga 11 ta samolyot olib chiqdi va 35 dan ortiq yo‘nalishlarni ochdi. 2025-yil oxirigacha flot 14 ta, 2026-yil oxirigacha esa 21 ta samolyotga yetkaziladi.

Biz uchun har bir yangi samolyot yo‘lovchilar uchun qulayroq osmon sari qo‘yilgan qadamdir. Biz nafaqat flotni ko‘paytirmoqdamiz, balki zamonaviy, texnologik va mijozlarga yo‘naltirilgan aviatsiyani qurmoqdamiz. Yangi A321neo — bu ishonchlilik, ekologik tozalik va qulaylik, — dedi Centrum Air asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная