O‘zbekiston

Buyuk Britaniyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ekspluatatsiyadan himoya qilinadi

Ikki davlat vakillari hamkorlik memorandumini imzoladi.

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

O‘zbekiston elchixonasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev va Britaniya mehnat qonunchiligiga rioya etilishi va ekspluatatsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi (Gangmasters and Labour Abuse Authority — GLAA) direktori Eliza Makkaffri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

GLAA Buyuk Britaniyaning xususiy bandlik va rekruting agentliklari faoliyatini, shu jumladan qishloq xo‘jaligi sohasida litsenziyalash, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini monitoring qilish va mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha davlat organi hisoblanadi. Tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlar ekspluatatsiyasining oldini olish va ularning huquqlarini himoya qilishdan iborat.

Muzokaralar chog‘ida mehnat migratsiyasi sohasidagi O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi va qator kelishuvlarga erishildi. Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va GLAA o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjat O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga ishchi kuchini jalb qilish jarayonini tartibga solish, mehnat muhojirlari sonini ko‘paytirish, shuningdek, ushbu mamlakat hududida mehnat qilayotgan fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlarni yaratishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Angliya poytaxtida agentlik direktori Behzod Musayev, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov va Association of Labour Providers bosh direktori Devid Kemp o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная