O‘zbekiston

Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan “Cambria Patrol 2025” musobaqasida O‘zbekiston harbiylari kumush medalni qo‘lga kiritdi

Mutaxassislar o‘zbekistonlik askarlarning tayyorgarlik darajasini yuqori baholadi.

2025-yilning 4-7-oktyabr kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Uelsdagi 160-brigada bazasida bo‘lib o‘tgan “Cambria Patrol” o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Musobaqada Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Germaniya, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va boshqa 30 dan ortiq davlatdan 150 dan ortiq jamoa ishtirok etdi. Harbiy xizmatchilar 70 km dan ortiq masofani bosib o‘tdi, marshrutning turli uchastkalarida kimyoviy va biologik xavf sharoitida harakatlarni mashq qildi, tabiiy va sun’iy to‘siqlarni kesib o‘tdi, mudofaa va hujum operatsiyalarini o‘tkazdi, shuningdek, murakkab joy sharoitida mo‘ljal oldi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari jamoasi yuqori jismoniy tayyorgarlik, professionallik va uyushqoqlikni namoyish etib, o‘z guruhidagi 26 ta jamoa orasida birinchi o‘rinni egalladi. U barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, marraga birinchilar qatorida yetib keldi. Musobaqa yakunida O‘zbekiston jamoasi kumush medalni qo‘lga kiritdi — bu barcha ishtirokchilar orasida eng yuqori natijalardan biridir.

Britaniyalik va boshqa harbiy ekspertlar o‘zbekistonlik harbiylarning tayyorgarlik darajasini yuqori baholab, ularning jangovar vazifalarni bajarishdagi ajoyib ko‘nikma va qobiliyatlarini alohida ta’kidlagan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная