Buxoro va Andijonda “valyutchik”lar ushlandi
Hozirgi kunda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Buxoro va Andijonda valyuta qimmatliklari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Baliqchi tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan fuqaro A.K. fuqaro S.X.ga jami 4 000 AQSh dollarini 51 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro U.J. Peshku tumani “Chibogʻoni” MFY hududidagi savdo doʻkonida fuqaro Z.N.dan 3 200 AQSh dollarini 40,7 mln soʻmga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Oltinkoʻl tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan fuqaro B.N. fuqaro S.U.ga 3 500 AQSh dollarini 44,8 mln soʻmga sotishga kelishib, shundan 2 400 AQSh dollarini bergan vaqtida ushlanib, tadbir jarayonida 2 496 AQSh dollari, 4 500 Rossiya rubli va 1 600 Turk lirasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.