Surxondaryoda neft suyuqligi yer yuzasiga chiqdi Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “M-25” konida neft suyuqligi yer yuzasiga chiqdi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, uning tarqalishining oldini olish uchun uchastka atrofida, shuningdek, o‘zan bo‘ylab qo‘shimcha himoya tindirgichlari qurilgan.

To‘plangan neft suyuqligi uzluksiz rejimda maxsus maydonchaga olib chiqiladi, u yerda har birining hajmi 5 ming kub metr bo‘lgan ikkita izolyatsiyalangan shlam yig‘gich mavjud. Bu neft suyuqligini xavfsiz saqlash va kelgusida undan samarali foydalanish imkonini beradi, — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, ishlar sanoat va ekologik xavfsizlikning amaldagi talablariga to‘liq rioya qilingan holda olib borilmoqda. Olingan neft suyuqligi namunalari bo‘yicha analitik tadqiqotlar o‘tkaziladi. Ularning natijalariga ko‘ra, qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganiladi, geologik tadqiqotlar davom ettiriladi.

Vaziyat doimiy nazoratga olingan, neft suyuqligi chiqishi cheklangan. Dastlabki kunlarda kanalga tushgan neft suyuqligini tozalash ishlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi, — deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonliklar Boysundagi konda gaz sizib chiqishidan xavotirga tushgandi. Energetika vazirligi vaziyatga oydinlik kiritdi.