O‘zbekiston

Bosh prokuror xodimlarning bilim va salohiyatini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev olti oylik natijalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida 23-iyul kuni O‘zbekiston prokuratura organlarining 2025-yilning dastlabki olti oyidagi faoliyati tahlil qilingan kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika kompleksida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan qariyb 70 mingta reyd davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 67 mingdan ortiq noqonuniy holatlar aniqlanib, 758 mlrd so‘mlik zarar undirilgan. Shuningdek, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida o‘zboshimchalik bilan egallangan deb topilgan 861 gektar yer maydonini qaytarishga erishildi. Shu bilan birga, huquq posbonlari 626 gektar yerni talon-taroj qilish holatlari bo‘yicha 977 ta jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Bundan tashqari, bosh prokuror ixtisoslashtirilgan prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyatini tahlil qildi. Mamlakatimizda aholi bilan ochiq muloqotga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi. Xususan, 2025-yil boshidan buyon prokuratura organlarida 120 mingta murojaat ko‘rib chiqilib, 29 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Yig‘ilishda prokuratura organlari faoliyatining ochiqligi ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Bosh prokuror qonun ijodkorligi va prokuratura organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Nig‘matilla Yo‘ldoshev, shuningdek, xodimlarning bilim va salohiyatini oshirish, malakali prokurorlar korpusini shakllantirishni kuchaytirish, bu borada Huquqni muhofaza qilish akademiyasi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda tergov izolyatorlarida ushlab turilganlar uchun majburiy tibbiy ko‘rik joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Barcha tan jarohatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar darhol prokuraturaga yuboriladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная