“Bolalar ongiga sovet davri sog‘inchini singdirish milliy tahdiddir”: Alisher Qodirov Toshkentdagi o‘qituvchining ishdan bo‘shatilishi haqida
Deputat Tashqi ishlar vazirligiga Rossotrudnichestvo faoliyatini tahlil qilish iltimosi bilan so‘rov yuborish istagini bildirdi.

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov Toshkentda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazishga uringan o‘qituvchining ishdan bo‘shatilishiga munosabat bildirdi.
O’qituvchining o’zi aytganidek, ishdan bo’shatish sababi o‘quvchilardan birining sovet askari kiyimida kelishi bo’lib, uni olib ketishni so’ragan.
Alisher Qodirov O‘zbekistondagi bog‘cha va maktablar bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida, o‘zligiga mehr va sadoqat bilan tarbiyalash uchun zarurligini, begona tashviqotni targ‘ib qilmasligini ta’kidladi.
Bolalar ongiga bog‘cha va maktablarda milliy o‘zligimiz kamsitilayotgan sho‘rolar davri sog‘inchini singdirish, ajdodlarimizning yo‘q qilinishiga mas’ul bo‘lgan imperiya timsollariga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish milliy tahdid sifatida ko‘rilishi kerak.
Non berib qo‘lidan ayrilgan xalqmiz, yaxshi niyatimiz suiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak, deya qo’shimcha qildi Qodirov.
Alisher Qodirov Tashqi ishlar vazirligiga “Rossotrudnichestvo” faoliyatini tahlil qilishni so‘rab so‘rov yuborish istagi borligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar YDXB 8-may kuni boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi maktab ma’muriyatini xabardor qilmasdan, dars jadvalining birinchi soatida ko‘rsatilgan matematika darsini o‘tkazmasdan, o‘zi rahbarligidagi 4-“G” sinf o‘quvchilari bilan “Xotira va qadrlash kuni”ni nishonlashga uringanini ma’lum qilgan edi.
Bundan xabar topgan maktab maʼmuriyati oʻqituvchiga dars vaqtida bunday tadbirlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini yana bir bor eslatdi. Shuningdek, bunday tadbirlar darsdan so‘ng o‘tkazilishi, mansab vakolatini suiiste’mol qilgan taqdirda o‘qituvchi ishdan bo‘shatish to‘g‘risida ariza yozishi kerakligi tushuntirildi.
Izohlar