Bojxona qo‘mitasi IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish narxlari oshgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi
Idora 400 dollargacha bo‘lgan qiymat haqidagi mish-mishlarni kontrabandachilar tarqatayotganini taxmin qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi 100-400 dollargacha ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bojxona qo‘mitasi: bu noto‘g‘ri, dedi. To‘lov avvalgidek — 75 ming so‘m (bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi).
Idoraning tushuntirishicha, bunday mish-mishlar telefonlarning yuqori narxini oqlash uchun ularni noqonuniy olib kirayotgan shaxslar tomonidan tarqatilmoqda. Qurilma qonuniy olib kirilganda IMEI-kodlar SIM-kartalar sonidan qat’i nazar avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Agar telefon deklaratsiyalanmagan bo‘lsa, mish-mish tarqatuvchilar da’vo qilganidek, “IMEI uchun to‘lov” emas, balki ro‘yxatdan o‘tkazishda yagona bojxona to‘lovi — qurilma qiymatining 30 foizi undiriladi.
Masalan, siz 1000 dollarga ro‘yxatdan o‘tmagan telefon sotib olgan bo‘lsangiz, uni 300 dollar to‘laganingizdan keyingina UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishingiz mumkin. Ko‘pchilik bu summani IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun go‘yoki “yangi to‘lov” deb o‘ylaydi, aslida bu noqonuniy olib kirilgan qurilma uchun bojxona yig‘imi.
Agar tekshiruv paytida qurilma faqat bitta SIM-kartaga ro‘yxatdan o‘tkazilganligi yoki tizimda umuman ro‘yxatdan o‘tmaganligi aniqlansa – bu qoidabuzarlik haqida signal: bunday telefon noqonuniy yoki tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan holda olib kirilgan bo‘lishi mumkin.
Fuqarolarga telefonlarni olib kirishda deklaratsiya qilish va xarid qilishdan oldin IMEI ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirish zarurligi eslatib o‘tildi.
Izohlar