Bloger “Jasjan” 5 sutkaga qamaldi
“Jasjan” nomi bilan tanilgan bloger Jasur Shodiyev 5 sutkaga qamaldi.
Toshkent shahri Hilton mehmonxonasi oldida ijtimoiy tarmoqlarga video olish maqsadida oʻzaro janjal uyushtirib, jamoat tartibini buzgan shaxslar javobgarlikka tortildi.
Maʼlum boʻlishicha, Jasur Shodiyev (“Jasjan”) va Sadaf Saidova 11-yanvar kuni soat 12:00 larda Shayxontohur tumani hududida joylashgan Hilton mehmonxonasi oldida, jamoat joyida boʻla turib, bir-birlarini haqorat qilishgani haqidagi videolavha olgan va shu yerda boʻlgan fuqarolarning tinchligini buzgan.
Sud majlisida huquqbuzar Shodiyev aybiga iqrorligini, qilmishidan poʻshaymon ekani, qaramogʻida bir nafar voyaga yetmagan farzandi, nogiron ukasi borligini inobatga olib, unga nisbatan yengillik berishni soʻragan. Oʻz navbatida Saidova ham jamoat tartibini buzganini tan olgan, talaba ekani, oʻziga xulosa chiqarganini bildirgan.
Sud Jasurbek Shodiyevni Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan maʻmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan va unga 5 sutka maʻmuriy qamoq jazosini tayinlagan. Jazo oʻtalganidan soʻng undan maʻmuriy qamoqqa olinganlarni saqlash muassasasi foydasiga maʻmuriy qamoqning har bir sutkasi uchun BHMning 15 foizi miqdorida mablagʻ undirish belgilangan.
Shuningdek, fuqaro Sadaf Saidova ham Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi boʻyicha aybdor deb topilgan va unga BHMning bir baravari (375 ming soʻm) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Мавзуга оид хабарлар:
O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan bloger Rossiyada ushlandi Andijonda mashina ichiga isitish pechi o‘rnatgan blogerga chora ko‘rildi Toshkentda bloger mototsiklda 310 km/soat tezlikda harakatlandi Toshkentda hojatxona qog‘ozlari bilan “kontent” olgan bloger jarimaga tortildi Bloger Farhod Mannopovning o‘limi yuzasidan sud hukmi o‘qildi