Biznesmenlarga Yangi yil arafasida yolg‘on chegirmalar qo‘llaganlik uchun belgilangan jazo eslatildi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi chegirma bilan sotilayotgan mahsulot xaridorlarining qanday huquqlarga ega ekanini ma’lum qildi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tadbirkorlarga Yangi yil arafasida aksiyalar o‘tkazish va chegirmalarni qo‘llashda qonunchilik talablarini eslatib o‘tdi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi yil yaqinlashgani sayin ko‘plab tadbirkorlar aksiyalarni taklif qilmoqda. Biroq ularning ba’zilari soxta chegirmalar e’lon qiladi yoki chegirma miqdori, aksiyada ishtirok etayotgan tovar miqdori va boshqa zarur ma’lumotlarni taqdim etmaydi.
Qo‘mitaga 48 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning katta qismi iste’molchilarga to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot berilmagani bilan bog‘liq. Chakana savdo qoidalariga ko‘ra, sotuvchi tovarlar va narxlar hisobini yuritishi, oxirgi 30 kun ichida tovarning haqiqiy narxlarini qayd etishi va iste’molchining talabiga binoan ushbu ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
Chegirma qo‘llanilganda sotuvchi:
- chegirmani aniq foizlarda yoki summada belgilash hamda narxning sodda va tushunarli aks ettirilishini ta’minlash;
- iste’molchining talabiga ko‘ra har bir tovar uchun chegirmadan oldin tovarning narxi to‘g‘risida aniq axborot taqdim etishi;
- chegirma e’lon qilinishidan oldingi oxirgi 30 kundagi eng past narxni (qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari) hujjatlar (dalillar) bilan tasdiqlash;
- agar chegirma bilan sotiladigan tovarlar soni cheklangan bo‘lsa yoki tovarlar mavsumiy bo‘lsa yoxud chegirma ularning holati bilan bog‘liq bo‘lsa (yaroqlilik muddatining tugashi, o‘ramning shikastlanishi, eski zaxiralarning yo‘q qilinishi va boshqalar), sotuvchi bu ma’lumotlarni chegirma to‘g‘risidagi e’londa ko‘rsatishi shart;
- chegirmaning amal qilish muddatini (boshlanish va tugash sanasini) aniq ko‘rsatish, agar chegirma faqat muayyan shartlar asosida amal qilsa, ushbu shartlarni oldindan ko‘rsatish;
- agar chegirma taqdim etish iste’molchidan shaxsga doir ma’lumotlarni taqdim etishni yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilsa, sotuvchi shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishi hamda iste’molchini ushbu ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari va shartlari to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
Shuningdek, chegirma e’lon qilinganda uning shartlari va amal qilish muddati aniq ko‘rsatilishi kerak. Sotuvchi iste’molchilarga aksiyaning muddatlari, ishtirok etish shartlari, aksiyada ishtirok etayotgan tovarlarning nomi (toifasi) va miqdori to‘g‘risida aniq va tushunarli ma’lumotlarni yetkazishi, shartlarni o‘zgartirmasligi hamda taklif etilayotgan chegirmalar, bonuslar va boshqa imtiyozlar haqiqatda qo‘llanilishini ta’minlashi shart.
Bundan tashqari, alkogol va tamaki mahsulotlarini, nikotin va tamaki iste’mol qilish moslamalarini sotishda chegirmalarni qo‘llash hamda dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, shuningdek energetik ichimliklar reklamasida rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda turizm sohasidagi pensionerlar uchun chegirmalar joriy etiladi. Taklif 60 yoshdan oshgan erkaklar va 55 yoshdan oshgan ayollar uchun bir oy davomida amal qiladi.
Izohlar