O‘zbekiston

Bir bor, bir yo‘q: Navoiyda korxona yaqinidagi havo bo‘yicha qo‘shimcha tahlillar o‘tkazildi

Ekologiya vazirligi jamoatchilik ishtirokida yana bir tekshiruv o‘tkazilishini ta’kidladi.

21-iyul kuni mutaxassislar Navoiy shahridagi sanoat zonalarida havo tahlillarini o‘tkazdi va ifloslantiruvchi moddalarning ruxsat etilgan konsentratsiyasidan oshganligini aniqlamadi, deb xabar beradi Ekologiya vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, o‘rganish natijalariga ko‘ra, “Navoiyazot” va “Sagda Kimyo” korxonalariga tutash hududlarda ifloslantiruvchi moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yordan oshmayotgani aniqlangan.

“Ayni paytda ushbu hududda joylashgan bir qator sanoat korxonalari faoliyatini o‘rganish bo‘yicha tekshiruvlar tayinlangan. Tekshiruv jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 19-iyul kuni o‘tkazilgan tahlillar “Navoiyazot” AJ va sanoat zonasi atrofidagi atmosferada ammiak miqdori ruxsat etilgan me’yordan 1,4 barobar, vodorod sulfid esa 16,8 barobar ko‘pligini ko‘rsatdi. Birinchi kuzatuv punktida (Zulfiya ko‘chasi) esa uglerod oksidi miqdori me’yordan 1,04 marta, ammiak miqdori 1,1 marta oshgan. Ikkinchi punktda (Me’morlar ko‘chasi) ammiak miqdori ruxsat etilgan ko‘rsatkichlardan 1,2 baravar oshdi.

Avvalroq Navoiyda 19 va 13-iyul kunlari chang-to‘zon ko‘tarilgani, mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda “Navoiyazot” kimyo korxonasini havoning ifloslanishida ayblay boshlagani haqida xabar berilgandi. O‘shanda «Navoiyazot» matbuot xizmati ayblovlarni asossiz deb atab, ularning chiqindilarni nazorat qilish uskunalari hech qanday me’yordan oshishni aniqlamaganini ta’kidlagandi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная