19 Iyul 2024, 13:30 Oʻzbekiston

“Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘illari ham uzoq muddatga qamaldi

Sudlanuvchilar orasida yagona ayol bo‘lgan Nargiza Jumaniyozovaga esa ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

“Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘illari ham uzoq muddatga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Baxtiyor Qudratullayev va boshqa sudlanuvchilarga sud hukmi o‘qildi.

Unga ko‘ra, 53 yoshli Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, u o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, jazoni o‘tash davrida giyohvandlikdan davolanishi ham belgilangan.

Sud hukmi bilan Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li Ixtiyor Qudratullayev 9 yil, ikkinchi o‘g‘li Bekzod Zafarov 11 yilga, akasi Shuhrat Qudratullayev esa 10 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortildi.

Shuhrat Qudratullayev ham o‘ta xavfli retsidivist deb topildi hamda jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Sudlanuvchilar orasida yagona ayol bo‘lgan Nargiza Jumaniyozovaga 4 yil 4 oy 24 kunga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Mashhur yangiliklar