17 Oktabr 2024, 19:27 Oʻzbekiston

Ayrim tibbiyot muassasalari fuqarolarga asossiz olingan mablag‘larni qaytaradi

O‘zbekistonda nosoz jihozlarda tibbiy xizmat ko‘rsatgan muassasalar fuqarolarga 900 mln so‘m qaytaradi.

Ayrim tibbiyot muassasalari fuqarolarga asossiz olingan mablag‘larni qaytaradi

Tibbiy texnika jihozlarini qiyoslovdan o‘tkazmagan tibbiyot muassasalariga 44 mingdan ortiq iste’molchilardan asossiz olingan 900 million so‘mga yaqin pul mablag‘larni qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qo‘mita fuqarolarning murojaatlari asosida respublika tibbiyot muassasalarida qo‘llanilayotgan tibbiy texnikalarning foydalanishga yaroqligi va uning xavfsizligi bo‘yicha davriy sinovlardan o‘tkazilishi bo‘yicha o‘rganishlar olib borilgan.

Toshkent shahar

Hududiy boshqarma tibbiyot muassasalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda tibbiy asbob-uskunalarning metrologik tekshiruvdan o‘tkazilganlik holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazganda 6 ta tibbiyot muassasalari:

  • Yunusobod tumani Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi;
  • Yunusobod tumani tumanlararo 3-son teri-tanosil kasalliklari dispanseri;
  • 7-son shahar klinik shifoxonasi davlat korxonasi;
  • Toshkent shahar Tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi;
  • Toshkent shahar 9-son tumanlararo perinatal markazi;
  • Toshkent shahar Ibn Sino nomli shahar klinik shifoxonasi) tomonidan 17 mingdan ortiq iste’molchilardan ko‘rsatilgan sifatsiz xizmat uchun 806 million so‘mlik pul mablag‘larini olganlik holatlari aniqlandi.

Toshkent viloyati

Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan kafolat muddati o‘tgan sertifikatli texnika jihozi bilan bir yil davomida iste’molchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatilgani ma’lum bo‘lgan.

O‘rganishlar natijasida 2023-yilning avgust oyidan 2024-yilning shu oyiga 23 dona tibbiy ko‘rik texnikasi orqali 550 nafar fuqaroga ko‘rsatilgan xizmat natijasida jami 25 million so‘mga yaqin ortiqcha haq olinganligi aniqlandi.

Sirdaryo viloyati

Hududiy boshqarma tomonidan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazilgan o‘rganishlarda o‘tgan 2021-2022-2023-yillar mobaynida jami 200 dan ortiq pullik xizmat turi bo‘yicha 25 ming 775 nafar iste’molchidan ortiqcha 60 million so‘mga yaqin pul mablag‘lari olinganlik holatlari aniqlangan.

Yuqoridagi hududlar kesimida aniqlangan holatlardan kelib chiqib, ish qo‘zg‘atilgan. Asossiz olingan mablag‘larni iste’molchi foydasiga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

Mashhur yangiliklar