Ayrim iste’molchilar elektr energiyasi uchun to‘lov tarifini o‘zi tanlashi mumkin bo‘ladi
II tarif guruhiga aksariyat yuridik shaxslar, III tarif guruhiga esa aholi xonadonlari kiradi.
O‘zbekistonda ayrim turdagi iste’molchilar elektr energiyasi uchun qaysi tarif guruhiga asosan to‘lov qilishni o‘zlari tanlaydigan bo‘ldi.
Hukumat qaroriga asosan, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab, quyidagi iste’molchilarga elektr energiyasi uchun o‘z ixtiyoriga ko‘ra II yoki III tarif guruhlarida to‘lov qilishga ruxsat beriladi:
- oilaviy korxonalar;
- hunarmandlar;
- diniy tashkilotlar;
- yotoqxonalar;
- uy-joy mulkdorlari shirkati hamda ko‘p kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilotlar
Bunda, ushbu iste’molchilarga berilgan soliq va boshqa imtiyozlar saqlab qolinadi. Iste’molchilar hisobot oyi boshlanguniga qadar elektr ta’minoti korxonasiga murojaat qilishlari zarur.
II tarif guruhiga aksariyat yuridik shaxslar, III tarif guruhiga esa aholi xonadonlari kiradi.
Qarorga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika resurslarini iqtisod qilish rejalari bajarilishini ta’minlagan hamda huquqbuzarlikka qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etgan prokuratura organlari xodimlari Bosh prokuraturaning rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan har oyda xodim ish haqining 50 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.
Yoqilg‘i-energetika resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar bo‘yicha undirilgan zarar summasining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energoinspeksiyaning maxsus maqsadli hisobvarag‘iga kelib tushgan qismidan 20 foizi noqonuniy foydalanish holatini fosh etishda tashabbus ko‘rsatgan organga hamda 10 foizi Bosh prokuraturaning rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Bu qoida 2024 yil 1 oktyabrga qadar aniqlangan noqonuniy holatlarga hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi bayoni bilan tasdiqlanadigan taqsimot proporsiyasiga muvofiq tushadigan mablag‘larga nisbatan tatbiq etilmaydi
Мавзуга оид хабарлар:
Ayrim tadbirkorlarga to‘lagan solig‘ining bir qismi qaytarib beriladi Ayrim shaxslarga temir yoʻl transporti va avtobus uchun bepul chiptalar beriladi Jizzaxda qariyb 800 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fuqaro aniqlandi Ikki hududda “svet”dan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi Atom energiyasi agentligining asosiy vazifalari belgilandi