Аyrim hokim yordamchilari maoshining 50 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi
Prezident qarori bilan O‘zbekistonda ayrim hokim yordamchilari qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.
O‘zbekistonda ayrim hokim yordamchilari lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantiriladi. Bu haqda “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.
Unga ko‘ra, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida yuqori natijaga erishib kelayotgan, ijobiy tajribaga ega 50 nafar hokim yordamchisidan iborat “Loyiha menejerlari” guruhi tashkil etiladi.
Bunda “Loyiha menejerlari” guruhi tarkibidagi har bir hokim yordamchisi samaradorlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan tuman (shahar)larga biriktiriladi va ular 6 oygacha mazkur tuman (shahar)lardagi mahallalarga xizmat safariga yuboriladi.
Xizmat safari davomida “Loyiha menejerlari” guruhidagi hokim yordamchilari, ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlar saqlab qolingan holda lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.
“Loyiha menejerlari” guruhi tarkibidagi hokim yordamchilarining xizmat safari va ularni moddiy rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Hokim yordamchilarini qonunchilikda ularga yuklatilgan vazifalardan tashqari boshqa ishlarni bajarishga jalb etish taqiqlanadi.
Prezidentning yuqoridagi qarori bilan, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman bo‘limlari, tuman hokimligi hamda MFY o‘rtasida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha uch tomonlama “mahalla shartnoma”lari tuziladi.
Bunda ushbu shartnomada vazirlik tuman bo‘limi va hokimiyat – infratuzilmani yaxshilash, aholining daromad manbayini oshirishga sharoit yaratishga, mahalla raisi – aholini ishga jalb qilish, hududni obodonlashtirish, jinoyatchilikni kamaytirish kabi vazifalarga masʼul bo‘ladi.