4 Dekabr 2024, 18:10 Oʻzbekiston

Avtobusda ayol kishining yuziga tuflagan erkak qamaldi

Toshkent shahrida avtobusda ayol kishining yuziga tuflagan erkak 10 sutkaga qamaldi.

Avtobusda ayol kishining yuziga tuflagan erkak qamaldi

Toshkent shahridagi avtobusda ayolni haqoratlagan va uning yuziga tuflagan erkakka nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ish 2024-yil 3-dekabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida ko‘rildi.

Qayd etilishicha, fuqaro B.O. 2024-yil 11-noyabr kuni 46-sonli avtobus ichida bo‘lgan M.S.ni (ayol) avtobusning ichi issiq bo‘lgani sababli ustidagi jemperini yechgani uchun “bu yer senga yechinib kiyinadigan joymi” deb uni jamoat joyida haqoratli so‘zlar bilan kamsitib, yuziga tuflab, baqir-chaqir qilib, atrofdagi fuqarolarning tinchligini buzib, mayda bezorilik sodir qilgan.

Sud majlisida so‘ralgan huquqbuzar B.O. ushbu harakatiga qisman iqror bo‘lgan. U ro‘parasida o‘tirgan yo‘lovchi ayol ustidagi kiyimlarini yechib hammani o‘ziga qaratganini, shu sababli unga tanbeh berganini aytdi. Ayblanuvchi o‘sha vaqt tez gapirgani uchun og‘zidan so‘lagi otilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, ayolning yuziga tuflamaganini aytdi. Erkak qilgan ishidan pushaymonligini, jabrlanuvchidan uzr so‘rashini, unga nisbatan yengillik berishni so‘rab ko‘rsatuv berdi.

Sud B.O.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan (Mayda bezorilik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi va unga shu moddaga asosan 10 (o‘n) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Shuningdek, B.O. hisobidan Toshkent shahar IIBB Maxsus Qabulxona foydasiga 562 500 so‘m undirish belgilandi.

Mashhur yangiliklar