29 Mart 2025, 17:29 Oʻzbekiston

Atrof-muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha yagona tizim yaratiladi

O‘zbekiston prezidenti atrof-muhitni baholashda shaffoflik va oshkoralikni ta’minlashga qaratilgan qonunni tasdiqladi.

Atrof-muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha yagona tizim yaratiladi

“Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi qonun joriy yilning 25-avgustidan boshlab kuchga kiradi.

Ushbu hujjat bilan quyidagi yangi tartiblar joriy etilmoqda:

  • har bir tadbirkor ekologik ekspertiza uchun materiallarni topshirib, bir necha bosqichda xulosa olishi mumkin boʻlgan yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratish;
  • strategik ekologik baholash institutini joriy etish. Bu alohida loyihalar bilan birga muhim davlat dasturlari, konsepsiyalar va shaharsozlik hujjatlarini qamrab oladi. Bu qadam rejalashtirish bosqichida ehtimoliy ekologik xatarlarni hisobga olishga va atrof-muhitga salbiy taʼsirlarni minimallashtirishga imkon beradi;
  • doimiy faoliyat yurituvchi Ekspertlar kengashi tashkil etish.

“Kengash davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi va asoslanganligini taʼminlash, ekspertiza boʻlinmalariga kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish, shuningdek, ekspertizani oʻtkazish bilan bogʻliq muammoli va bahsli masalalarni hal etishga qaratilgan”, – deyiladi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi saytida eʼlon qilingan sharhda.

Shuningdek, mazkur qonun ekologik ekspertiza muddatlarini qisqartirishni nazarda tutadi. Bu loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirishga va ularni bajarish xarajatlarini kamaytirishga imkon beradi.

Davlat ekologik ekspertiza xulosasi quyidagi muddatlarda yuridik kuchga ega boʻladi:

  • atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallari boʻyicha – xulosa berilgan kundan boshlab uch yil davomida;
  • ekologik normalar loyihalari boʻyicha – xulosa berilgan kundan boshlab besh yil davomida.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Mashhur yangiliklar