AQShda qancha o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani aytildi
2023−2024 o‘quv yilida AQSh oliygohlarida o‘zbekistonlik talabalar soni qariyb 12 foizga oshgan.
2023−2024 oʻquv yilida Amerika Qoʻshma Shtatlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar soni 1219 nafarni tashkil etdi. AQSh Davlat departamenti koʻmagida Xalqaro taʻlim instituti (Institute of International Education, IIE) tomonidan oʻtkazilayotgan “Ochiq eshiklar” hisobotiga koʻra, bu oʻtgan yilga nisbatan 11,9 foizga koʻpdir.
Ularning yarmidan koʻpi, yaʻni 703 nafar talaba (oʻtgan yilga nisbatan +12,8 foiz) bakalavriatda, 350 nafari (+7,4 foiz) magistraturada tahsil olgan. 134 nafar talaba (+55,8 foiz) fakultativ amaliy mashgʻulotlarni tamomlagan, 32 nafari (-40,7 foiz) nodavlat taʻlim yoʻnalishlariga qabul qilingan.
Hisobotga koʻra, 2023−2024 oʻquv yilida AQSh universitetlarida jami 1,1 milliondan ortiq xalqaro talaba tahsil olgan, bu oʻtgan oʻquv yiliga nisbatan 17 foizga koʻpdir.
Eng koʻp xorijiy talabalar Hindistondan kelgan — 331,6 ming nafar (29,4 foiz). Ulardan keyin Xitoy (277,3 ming, 24,6 foiz) va Janubiy Koreya (43,1 ming, 3,8 foiz) talabalari bormoqda. Kuchli beshlikka Kanada (28,9 ming) va Tayvan (23,1 ming) ham kirgan.
Talabalarning aksariyati STEM yoʻnalishlarida (fan, texnologiya, muhandislik, matematika) taʻlim olgan — 56 foizni tashkil etadi, deyiladi hisobotda. Chet elliklar uchun matematika va kompyuter fanlari yetakchi taʻlim yoʻnalishlari boʻlib qoldi — ularni 280,9 ming (25 foiz) talaba tanladi. 210,1 mingdan ortiq (19, foiz) talaba muhandislik fanlari boʻyicha tahsil oldi.
Chet ellik talabalarni moliyalashtirishning asosiy manbalari shaxsiy/oilaviy budjet (54,5 foiz), ish beruvchi (21,8 foiz) va Amerika universitetlari stipendiyalari (19 foiz) edi.
Мавзуга оид хабарлар:
Trampning noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasi bor — TIME Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi O‘zbekistonlik erkak Rossiyada odam o‘g‘irlab, pul talab qilishda ayblanmoqda Polshada YTHga uchragan O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatildi Penzada YTHga uchragan o‘zbekistonliklar bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot berildi