
AQSH Mehnat vazirligi Oʻzbekiston paxta sanoatidagi loyihani moliyalashtirishni bekor qildi
Donald Tramp amerikalik ishchilar vazirlikning asosiy ustuvor yoʻnalishi boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

AQSH Mehnat vazirligi Oʻzbekiston paxta sanoatidagi loyihani moliyalashtirgan 38 million dollardan ortiq xorijiy yordam grantlari bekor qilinganini eʼlon qildi.
Vazirlik rahbari Lori Chaves-Deremerning soʻzlariga koʻra, Donald Tramp amerikalik ishchilar vazirlikning asosiy ustuvor yoʻnalishi boʻlishi kerakligini taʼkidlagan. Maʼlum qilinishicha, ushbu grantlar, jumladan, Oʻzbekiston paxta sanoatida hisobdorlikni oshirish loyihasini moliyalashtirish uchun ishlatilgan.
“Oʻzbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish, Braziliya va Kolumbiyada iqlim oʻzgarishi dasturlari bilan bogʻliq siyosatni ilgari surish, Indoneziya va Gvatemalada jamoaviy muzokaralarni qoʻllab-quvvatlash, Kongo Demokratik Respublikasida mehnat standartlari sohasidagi taraqqiyotni nazorat qilish kabi ishlarga mashaqqat bilan topgan soliq dollarlaringiz sarflanayotganidan bexabar edingiz. Oddiy qilib aytganda, biz Amerikani oxirgi oʻringa qoʻyadigan dasturlarni bekor qilamiz”, — dedi AQSH Mehnat vazirligi rahbari.
Loyiha 2026-yil dekabrigacha davom etishi kerak edi. 2022-yilda unga 2 million dollar ajratilgan, 2025-yilda yana 1 million dollar ajratish rejalashtirilgan edi.
Soʻnggi yangiliklar







