Andijonda “peshexod”dan oʻtayotgan maktab oʻquvchisini mashina urib yubordi
Hozirda hodisa yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyatida piyodalar yoʻlakchasidan oʻtayotgan maktab oʻquvchisini mashina urib yubordi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.
Bildirilishicha, hodisa joriy yilning 7-dekabr kuni soat 11:10 larda A373 Toshkent-Oʻsh yoʻlining Xoʻjaobod tumani Faqirqishloq MFY xududidan oʻtgan qismida yuz bergan.
1984-yilda tugʻilgan haydovchi “Lacetti”ni boshqarib ketayotib, yoʻlning qatnov qismini belgilangan joydan kesib oʻtayotgan, 2012-yilda tugʻilgan P.I.ni urib yuborgan.
Hodisa oqibatda tan jarohati olgan 12 yoshli maktab oʻquvchisi Xoʻjaobod tumani shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimiga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan tuman IIB Tergov boʻlimi xodimlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.