Andijonda Ekologiya bo‘limi xodimi 20 ming dollar olayotganda ushlandi
Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Andijonda korrupsiyaviy jinoyatlarda gumonlangan qator mansabdorlar qo‘lga olindi.
Hududlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikdagi tezkor tadbirlarda mansabdor shaxslarning qonun buzish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizligi xizmati.
Xususan, Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining muqaddam sudlangan Asaka tuman bo‘limi bosh inspektori 30 yil muddatga ijara asosida ajratilgan 5 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Yer 2021-yilda tuman hokimining qarori bilan Yoshlar sanoat zonasi hududidan mansabdorning qarindoshiga sintepon mahsuloti ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida berilgan.
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tuman bo‘limi boshlig‘i esa MCHJdan xizmat xonasida 7 mln 300 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. U bu mablag‘ni tumandagi ijtimoiy soha obyektlarining bino va inshootlari yog‘och qismlariga yong‘in xususiyatini susaytiruvchi maxsus suyuqlik eritmasi bilan ishlov berilgani to‘g‘risidagi dalolatnomalarni tasdiqlab berish evaziga olgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar FVBning mansabdor xodimi aholi va tadbirkorlik subyektlariga yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha texnik xizmat ko‘rsatuvchi MCHJ tashkil etmoqchi bo‘lgan fuqarodan kelgusida uning faoliyatiga “rahnamolik qilishini” aytib, evaziga har oyda 200 dollar miqdorida pul berishini talab qilgan.
Ammo u oldindan 4 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyati boshqarmasining shahar bo‘limi boshlig‘i oilaviy korxonaning mavjud kredit qarzdorligini bankning “Markazlashtirilgan kredit tarixi” axborot markazi bazasidan o‘chirtirib, ushbu bankdan 100 mln so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib berishini aytgan.
Buning uchun evaziga 1500 dollar talab qilib, oldindan 10 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. U muqaddam ham sudlangan bo‘lgan.
Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi Urganch shahar bo‘limining bosh mutaxassisi 470 metr kvadrat yer maydonida ko‘p qavatli uy qurishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib, qurilish ishlariga nisbatan aholining roziligi bo‘yicha dalolatnomalarni tayyorlab berish evaziga 30 mln so‘m talab qilgan Lekin u so‘ralgan pul mablag‘idan 20 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu noqonuniy ishga viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining Urganch shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari ham aloqador ekanligi aniqlangan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.