Andijonda Damas va Spark to‘qnashuvi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
Ulug‘nor tumanida Damas va Spark to‘qnashib, yonib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.
Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida 13-oktabr kuni Spark va Damas ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa tungi soat 01:30 da Ulug‘nor tumani “O‘zbekiston” mahallasi hududidan o‘tgan 4R-81 Namangan-Mingbuloq transport qatnov yo‘lida sodir bo‘lgan.
Spark haydovchisi charchoq holatida uxlab qolib, rul boshqaruvini yo‘qotishi ortidan qatnov qismining qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan.
O‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Damas Spark bilan to‘qnashib ketgan. To‘qnashuv oqibatida har ikkala transport vositalari to‘liq yonib ketgan.
Uznews’ning xabar berishicha, YTH oqibatida ikki kishi voqea joyida vafot etgan. Yana ikki nafar fuqaro esa og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan Ulug‘nor tumani IIB tergov bo‘linmasi mas’ul xodimlari tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.