25 Noyabr 2024, 15:57 Oʻzbekiston

Andijonda aliment toʻlamagan ikki otaga 15 sutkadan “berildi”

Andijonda aliment toʻlashdan boʻyin tovlab yurgan shaxslarga 15 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Andijonda aliment toʻlamagan ikki otaga 15 sutkadan “berildi”

Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan aliment toʻlashdan boʻyin tovlab yurgan shaxslarning ish hujjatlari sudlarga taqdim etilib, ularga nisbatan tegishli chora koʻrilishi taʼminlanmoqda, deb xabar berdi byuro axborot xizmati.

Xususan, MIBning Oltinkoʻl tuman boʻlimi ish yurituvida boʻlgan aliment ishi boʻyicha qarzdor E.Yu. sud buyrugʻiga asosan M.Yu. foydasiga ikki nafar farzandining taʼminoti uchun aliment toʻlab borishi belgilangan boʻlsa-da, qarzdor E.Y. aliment toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlamasdan kelgan.

Alimentdan 25 mln. 346 ming soʻm qarzdorligi yigʻilib qolgan qarzdor sud majlisida oʻz masʼuliyatsizligini tan olgan va ishsizligi sabab toʻlashga imkoni boʻlmaganligini bildirgan.

Qarzdor O.Sh. ham ikki nafar farzandi uchun toʻlashi kerak boʻlgan aliment qarzlari 8 mln. soʻmdan ortib ketgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Oltinkoʻl tuman sudida oʻtkazilgan sud majlisida aliment toʻlovlariga masʼuliyatsizlik bilan qaragan ushbu qarzdorlarning javobgarlik masalasi koʻrib chiqildi hamda ularga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mashhur yangiliklar