Andijon do‘ppisi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olindi
Bosh kiyim Andijon viloyatining hunarmandchilik an’analariga asoslangan.

Adliya vazirligi tomonidan Andijon do‘ppisi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar berdi Intellektual mulk agentligi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish Andijon do‘ppisining kelib chiqishini belgilaydi, shuningdek, obyektning huquqiy himoyasini, uning sifati va madaniy qiymatini ta’minlaydi. Qayd etilishicha, ushbu bosh kiyim yuqori sifatli matolar, nozik kashta, o‘ziga xos shakl, ramziy va estetik mazmun bilan ajralib turadi.
“Andijon do‘ppisi Andijon viloyatining hunarmandchilik an’analari, mahalliy kashtachilik maktabi va mintaqaning madaniy ramzlariga asoslangan bo‘lib, aholi orasida alohida o‘rin va hurmatga ega”, — deya ta’kidladi vazirlik.
Andijon do‘ppisining geografik ko‘rsatkich maqomi uni ma’lum bir hudud, uning tabiiy, insoniy va tarixiy xususiyatlari bilan bog‘liq alohida xususiyatlarga ega ekanligini anglatuvchi intellektual mulk obyektiga aylantiradi.
Avvalroq “Tuxum Barak” geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Adliya vazirligi taomni Xorazm viloyatiga xos milliy taom sifatida e’tirof etgan.
Izohlar