O‘zbekiston

Alisher Qodirov daraxtlarga sig‘inishni to‘xtatishga va ularni “kerak bo‘lsa” kesishga chaqirdi

“Milliy tiklanish” rahbari tadbirkor Murod Nazarovning daraxtlarni kesishni qonuniylashtirish g‘oyalari fonida izoh berdi.

19-iyul kuni “Milliy tiklanish” milliy demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov daraxtlar kesilishi bo‘yicha muhokamalar fonida xabar e’lon qildi.

Siyosatchining aytishicha, aholining daraxtlar atrofida ekologik birlashuvi tez orada “kelajak avlodlar o‘z dinidan voz kechib, daraxtlarga sig‘inishni boshlaydi”.

“Albatta, daraxt kerak, havo yetmayapti, lekin unutmaylik, daraxtni inson uchun asraymiz, insonni daraxt uchun emas! Daraxtni himoyasiga birlashgandek suv, yer, energoresurslar, oziq-ovqat va vaqt, qolaversa o‘zligimizni isrofiga qarshi ham birlasha olsak edi!” — Alisher Qodirov.

Siyosatchining asosiy tezisi: “daraxtni kesish mumkin emas” degan fikr “umuman hech qanday sharoitda” degan ma’noni anglatmasligi kerak, agar “kerak bo‘lsa” daraxtlarni kesish mumkin va shart.

“Ishxona oldidagi qurt yeb bitirgan daraxtni oldirib tashlash uchun 1 yil qog‘oz qildik, hamma bir-biriga soladi! Kesishga kelganlarni ko‘rib yig‘lashni ham kulishni ham bilmaysan, daraxt kesish emas, odamni dorga osishga kelishgandek”, — deya daraxt kesish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi Alisher Qodirov.

Siyosatchining bayonoti Murod Nazarovning poytaxt qurilishiga to‘sqinlik qilayotgan moratoriyni bekor qilish va daraxt kesishni qonuniylashtirish bo‘yicha takliflari fonida e’lon qilindi. Ekopartiya bunday g‘oyalarni “yuzaki” deb atab, moratoriy Toshkentni cho‘lga aylantirishga imkon bermaganini ta’kidlagan. Asosan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, iqtisodchilar, faollar va parlamentning ayrim deputatlari Murod Nazarovning tashabbusiga qarshi chiqqan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная