5 Dekabr 2024, 16:12 Oʻzbekiston

Aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni sotgan ombor mudiri ushlandi

Samarqandda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni sotgan ombor mudiri qo‘lga olindi.

Aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni sotgan ombor mudiri ushlandi

Samarqand viloyatida imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni sotayotgan ombor mudiri va qorovuli ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda «Ko‘mirta’minot» MChJning Samarqand filiali «Maroqand» ko‘mir ombori mudiri J.P soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ehtiyojmand oilalarga imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni fuqaro A.A.ga 37,5 million so‘mga sotishga kelishgani aniqlangan. Mudir shundan 13,2 tonna ko‘mirni ombor qorovuli X.J. yordamida yetkazib berib, kelishilgan pullar hisobidan 28 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar