1 Oktabr 2024, 12:53 Oʻzbekiston

Agrar universitet hududidagi yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent davlat agrar universiteti hududida sodir bo‘lgan yong‘in holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Agrar universitet hududidagi yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida sodir boʻlgan yongʻin holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi (Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov ishlari olib borilmoqda. Bu haqda IIBB axborot xizmati rahbari Bobur Toʻlaganov xabar berdi.

30 sentabr kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida yirik yongʻin sodir boʻldi. Universitet matbuot xizmati yongʻin universitet hududidagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi binosida sodir boʻlganini maʻlum qilgandi.

Universitet binolaridan birida sodir boʻlgan deb taʻkidlanayotgan yongʻin aynan Oʻrmon xoʻjaligi agentligi joylashgan binoning tom qismida sodir boʻlgan, taʻkidladi universitet matbuot xizmati. Ushbu post biroz vaqtdan keyin universitet Telegram-kanalidan oʻchirildi.

Oʻz navbatida, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi yongʻin agentlik binosida sodir boʻlganini rad etdi.

Oʻrmon xoʻjaligi agentligi binosi yonib ketdi, deya ayrim ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Toʻgʻri, suv purkalishi evaziga binoning tom qismiga qisman zarar yetgan, lekin bu ham aytarli darajada emas, deya agentlik izohini keltirgan OʻzA.

Agentlik binosi katta talafot koʻrmagani, yongʻin chiqqan universitet binolariga esa birmuncha ziyon yetkazilgani qayd etilgan.

Ayni paytda mutaxassislar guruhi voqea joyida ish olib bormoqda. Tez orada yongʻin kelib chiqish sabablari, yongʻin asli qayerdan boshlangani, yetkazilgan ziyon, asl holat haqida batafsil maʻlumot beriladi, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar