Afg‘oniston Pokiston o‘rniga O‘zbekistonga ko‘mir eksport qiladi
Buning evaziga O‘zbekiston tomoni “Tolibon”ga sement va dori-darmon yetkazib berishni boshlaydi.

Afg‘oniston Pokiston o‘rniga O‘zbekistonga ko‘mir eksport qiladi, tomonlar iqtisodiy kelishuv imzoladi, deya xabar bermoqda AtlasPress.
Tolibon ma’muriyatining Balx viloyatidagi vakillari Pokistondan Afg‘oniston ko‘mirini O‘zbekistonga eksport qilish yo‘nalishi o‘zgartirilishini ma’lum qildi. Buning evaziga O‘zbekiston Afg‘onistonga sement va dori-darmon yetkazib beradi. Shu bilan birga, ularning shartlarini jamoatchilikka e’lon qilmasdan tuzilgan shartnomalar shaffoflik va xalq manfaati haqidagi savollarni keltirib chiqardi.
Millionlab afg‘on fuqarolari qashshoqlik, ishsizlik va tibbiy xizmatlarning yetishmasligiga duch kelayotgan bir sharoitda bunday shartnomalarning roli chuqur tahlil qilinishi kerak. Bu kelishuvlarning foydasi mas’uliyatsiz tuzilmalarga emas, xalqqa yetib borishiga kafolat bormi? Bundan tashqari, Tolibon ma’muriyatining xalqaro izolyatsiyasini hisobga olsak, bunday iqtisodiy munosabatlar mintaqaviy aloqalar va mamlakatning iqtisodiy kelajagiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Pokiston bilan ziddiyatda Afg‘onistonga yordam bergandi. O‘zbekiston tomoni afg‘on meva-sabzavotlarini Rossiya, Xitoy va Hindistonga eksport qilish uchun havo yo‘lagini ochdi.
Mavzuga doir: Tinchlik va barqarorlik xavf ostida: O‘zbekiston nega Afg‘onistonga yordam bermoqda? Shavkat Mirziyoyev jafokash afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.
Izohlar